|
Bandixon tumanidagi 10-sonli umumta'lim maktabi jamoasining ota-onalarga murojaati

Bandixon tumanidagi 10-sonli umumta'lim maktabi jamoasining ota-onalarga murojaati

Muhtaram ota-onalar!

 Yaratganga behisob shukurlar bo‘lsinki, bugun bizning xalqimiz ham o‘z kuch va imkoniyatlariga ishonib, kelajakka dadil qarab, ulkan birlik va hamjihatlik ruhi bilan yashamoqda.

 Bugungi kunda qanday notinch, murakkab va tahlikali zamonda yashayotganimizni albatta barchamiz yaxshi tushunamiz. Hayotning o‘zi ilgari tariximizda, taraqqiyot yo‘limizda uchramagan muammo va vazifalarni oldimizga keskin qilib qo‘ymoqda.

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganlaridek, umumiy va mushtarak maqsadlar yo‘lida milliy jipslik, har bir ishni ilm, aql va ma’rifat bilan, xalq bilan kengashgan holda amalga oshirish, faqat va faqat oldinga qarab borish bugungi kunda hayotimiz va faoliyatimizning kundalik qoidasiga aylanishi lozim.

Ayniqsa, yosh avlodimizni eng ilg‘or ilm va kasb-hunarlar bilan qurollantirib, zamon bilan hamnafas, vatanparvarlik va insonparvarlik ruhida, har tomonlama sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, uni turli yot va begona ta’sirlardan asrash birinchi galdagi vazifamizga aylanmoqda.

Global miqyosda inson qalbi va ongi uchun kurash tobora kuchayib, universal vositalar, ijtimoiy tarmoqlar, erkinlik niqobidagi axloqsizlikni targ‘ib etadigan, milliy va umuminsoniy qadariyatlarni yerga uradigan g‘oyaviy tahdidlar va axborot xurujlari kundan-kunga ortib borayotgan hozirgi vaqtda bu vazifalarni amalga oshirish naqadar qiyin ekani ham barchamizga ayon, deb o‘ylaymiz. Afsuski, ekstremizm, radikalizm, axloqsizlik, korrupsiya, jinoyatchilik kabi jirkanch illatlar hali suyagi qotmagan, hayot yo‘lini aniq belgilab olmagan, zararli ta’sirlarga beriluvchan, ma’naviy-mafkuraviy immuniteti bo‘sh yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishga urinmoqda. El-yurtimiz ravnaqi va farovonligini ta’minlash uchun amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlarni atayin obro‘sizlantirishga, ularning maqsadi va mohiyatini noto‘g‘ri talqin etishga, oilaviy qadriyatlarni oyoq osti qilgan holda, jaholat, ma’naviy tubanlik, yovuzlik, johillik ko‘rinishlarini keng targ‘ib etib, mo‘may daromad olishga intilayotgan kimsalar ham oramizda yo‘q emas. Bu esa xalqimizni tashvishlantirib, uning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Ana shunday holatlarning tahlili va ularni bartaraf etish bo‘yicha oldimizda turgan dolzarb vazifalardan kelib chiqqan holda, biz – 10-maktab jamoasi  murojaat etishga qaror qildik.

Oila – jamiyatning eng asosiy va tayanch bo‘g‘ini. Aynan muqaddas oila qo‘rg‘oni bizga eng ulug‘ orzu-niyatlarimizni amalga oshirish imkonini beradi. Chinakam insoniy tuyg‘u va fazilatlar avvalo oila bag‘rida kamol topadi. Shu bois oila institutini asrash va mustahkamlash barchamizning buyuk insoniy burchimizdir.

Bugungi kunda hayotimizda sodir bo‘layotgan ba’zi salbiy va noma’qul holatlarning asl ildizi qayerda? Avvalo, oiladagi tarbiyada xatoga yo‘l qo‘yilgani, azaliy qadriyatlarimiz ta’siri susaygani natijasi emasmi bu?

Zero, mamlakatimizning ertangi taqdiri va kelajagi uchun mas’ul bo‘ladigan jondan aziz o‘g‘il-qizlarimizning tarbiyasi uchun barchamiz javobgarmiz. Chunki millat bolalarining begonasi bo‘lmaydi. Tarbiya masalasida beparvo bo‘lib, bir chekkada qo‘l qovushtirib turish bu – Vatanga, kelajakka xiyonatdir.

Shu ma’noda, ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Abdurauf Fitratning “Har bir millatning saodati va izzati albatta shu xalqning ma’naviy ruhiy qudrati, ichki intizomi, totuvligiga bog‘liq. Qayerda oila munosbati kuchli intizomga tayansa, mamlakat va millat ham shuncha kuchli va muazzam bo‘ladi” degan so‘zlari hozirgi kunimiz uchun ham g‘oyat dolzarb ahamiyatga egadir.

Hech qachon unutmaylik, farzandlarimizning ertaga kim bo‘lib yetishi bugun ularga oilada qanday tarbiya berayotganimiz, ularning qalbini, ongini nima bilan to‘ldirayotganimizga bog‘liq. Agar o‘g‘il-qizlarimizni hozirdan boshlab ilmga, hunarga, mehnatga, odob va madaniyatga o‘rgatsak, ularning ko‘ngliga ona yurtga muhabbat va sadoqat hissini, yuksak insoniy tuyg‘ularni singdirsak, avlodlar kelajagi baxtli bo‘lishiga mustahkam poydevor qurgan bo‘lamiz. Mabodo beparvolik bilan  ularning tarbiyasini o‘z holiga tashlab qo‘ysak, qalbini, ongini mobil aloqa va Internet vositalaridagi turli zararli va bo‘lmag‘ur “virus”larga yem qilib bersak, kelajagimizni, farzandlarimiz hayotini o‘z qo‘limiz bilan barbod qilgan bo‘lamiz.

Farzandlarimiz nimalar bilan shug‘ullanayotganiga, kimlar bilan do‘st bo‘lib, muloqot qilayotganiga hech qachon befarq qaramaylik. Qanchalik qiyin bo‘lsa ham, ularning ijtimoiy tarmoqlarda nimalar bilan shug‘ullanayotganini kuzatib boraylik, ushbu makon ular uchun halokat emas, sadoqat manbai bo‘lib xizmat qilishi uchun zarur choralarni izlab topaylik. Inson o‘z bolasining baxti, kelajagi uchun nimalar qilmaydi? Lekin faqat ta’qiqlash, jazolash bilan emas, ta’sirchan tarbiya usullari, aql va bilim bilan, bog‘cha, maktab, oliygoh, mahalla jamoatchiligi, huquq-tartibot idoralari xodimlari, diniy ulamolar bilan birgalikda ish olib borsak, albatta ijobiy natija bo‘ladi.

Farzandlarimizni mehnatga, ilmga, hunarga o‘rgatish, ularni o‘zaro yordam, hashar, saxovat va muruvvat kabi qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, atrof-muhitni muhofaza qilish, ona tabiatni sevish va asrash, uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish ota-ona sifatida barchamizning burchimiz ekanini unutmaylik!

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi”. Yuksak ma’naviy kamolotga uzluksiz ta’lim va tarbiya uyg‘unligi orqali erishiladi. Oiladagi tarbiya, jamiyatdagi yurish-turish, muomala madaniyati, salomlashish va kiyinish odobi, insoniy fazilatlarni namoyon etishda   farzandlarimizga avvalo o‘zimiz o‘rnak bo‘laylik.

Farzandlarimizda, ayniqsa, bolaligidan boshlab kitobga mehr uyg‘otish o‘ta muhimdir. Buning uchun xonadonlarimizda mo‘’jaz kutubxonalar tashkil etib, ular bilan birga kino va teatrlarga, muzeylarga, qadimiy shaharlarimiz bo‘ylab sayyohatlarga borib farzandlarimiz qalbiga ezgu hislarni singdiraylik. O‘g‘il-qizlar bilan samimiy, do‘stona suhbatlashib, qiziqish va intilishlarini rivojlantirishga, ma’naviy va ruhiy olamini shakllantirishga e’tibor beraylik. Bugun farzandlarimizga ajratgan vaqtimiz, mehrimiz va e’tiborimiz ertaga oilamiz va jamiyatimizga hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan insoniy resurs va kapital bo‘lib qaytadi.

0 izox