|
BANDIXON TUMANI HOKIMI ABDUMALIK ALLAMURADOVNING O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

BANDIXON TUMANI HOKIMI ABDUMALIK ALLAMURADOVNING O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum! Aziz ustozlar, qadrli murabbiylar!

Ushbu qutlug‘ ayyomda barchamizga ilm o‘rgatgan, hayot sabog‘ini bergan jonkuyar, fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarimizga chuqur hurmat bajo keltirib, chin dildan tabriklayman.

Haqiqatdan ham har qanday jamiyatda, o‘zining ko‘z nuri, butun borlig‘ini yosh avlod tarbiyasiga baxsh etadigan o‘qituvchilar va murabbiylar mehnati, shijoati, jasorati yuksakdan yuksak baholarga munosibdir.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ta’lim-tarbiya sohasidagi islohotlar davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi darajasiga ko‘tarildi.

Umumta’lim maktablari tizimini rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat berilmoqda. 

Buning tasdig‘ini keyingi besh yil ichida bir qancha yangidan qurilayotgan maktablar, maktabgacha ta’lim muassasalari va oliy ta’lim muassasalari orqali ham ko‘rishimiz mumkin.

Ta’lim sohasini rivojlantirish uchun ajratilayotgan byudjet mablag‘lari hajmi ham yildan-yilga ortib bormoqda.

Yurtimizda bog‘cha, maktab va oliy ta’lim tizimida ishlayotgan tarbiyachilar, o‘qituvchi va murabbiylar mehnatini munosib qadrlash, ularning ish haqini, jamiyatdagi nufuzini oshirish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yilmoqda.

Erta tongdan maktabga to‘p-to‘p bo‘lib borayotgan yoshlarni ko‘rib ko‘zing quvonadi. Ularning murg‘ak qalblari, uzoqni ko‘zlagan orzulari, shodu xurramliklarini ko‘rib, bolalikka qaytging keladi. Bugun chet tillarida ravon so‘zlashayotgan, dunyo o‘quvchilari orasida birinchi o‘rinni egallab kelayotgan yoshlarni ko‘rganda: “Asli Ibn Sinolar, Beruniy va Buxoriylarning avlodlari-da, asli-nasli toza yoshlar-da!”, deb faxrlanamiz. Bugun kasbga qiziqib uni mukammal egallagan yoshlar, dunyoning turli shaharlarida o‘z qobiliyatini ko‘rsatayotganlarini kuzatib: “Ustozingga, otangga balli”, deymiz. 

Demak yurtimizda yashayotgan har bir vatandoshimizning yutug‘i va muvaffaqiyatidan nafaqat ular, ularning ustoz va ota-onalari, balki butun yurt odamlarining qalbida g‘urur, yuzlarida sururni ko‘ramiz. Bunday ulkan yutuqlarni biz avvalo sizlar kabi fidoyi ustoz-murabbiylarning fidokorona mehnati natijasi sifatida qabul qilamiz.

Albatta, yoshlarimizning bilim olishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish, o‘quv binolarini qurish, ularni zamonaviy jihozlash mumkin. Lekin farzandlarimizga yuksak mezonlar asosida ta’lim-tarbiya beradigan, yangicha, innovasion fikrlaydigan muallim va o‘qituvchilarni tayyorlash – bu eng og‘ir vazifa bo‘lib, juda katta mehnat va mas’uliyatni talab etadi.

Amalga oshiradigan chora-tadbirlarimiz natijasida tumanimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha o‘qituvchilar va murabbiylar professional ta’lim sohasida bugungi mehnat bozori va xalqaro standartlarga to‘la mos keladigan yangicha qiyofadagi shaxsga aylanishi lozim.

Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahriri butun ta’lim iste’molchilarining Bosh dasturil amali bo‘lib xizmat qilmog‘i shart.

Aziz va muhtaram ustozlar!

Biz xalqimizning eng katta boyligini – millionlab farzandlarimiz, jondan aziz o‘g‘il va qizlarimizning taqdirini bir so‘z bilan aytganda buyuk kelajakni sizlarga ishonib topshirganmiz. 

Va bu vazifani mas’uliyat bilan ado etib kelayotgan sizlar kabi fidoyi insonlar, kelajak bunyodkorlariga har qancha tahsin va tasannolar aytsak, arziydi.

Sizlarni O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda katta muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman. Doimo sog‘, omon bo‘lingizlar!

0 izox