Bahor - fasllar gulshani, uyg‘onish fasli. Butun borliq, ona tabiat barq urib yashnaydi, yangilanadi. Tirik jonzot borki yangi kunning tug‘ilishidan bahra oladi, zavqlanadi.
Bu bayram barcha xalqlarning do‘stlik va birlik ramziga ega bo‘lgan umumxalq bayramidir.
Assalomu alaykum, qadrli tumandoshlar!
Hurmatli mehmonlar !
Shu kunlarda tabiat uyg‘onib, qir adirlar va qishloqlarimiz yashil libosga burkangan bir pallada betakror ona yurtimiz–O‘zbekistonimiz zaminiga barchamiz orziqib kutgan Navro‘zi olam ham kirib keldi.
Mana shu munavvar lahzalarda Navro‘z bayrami “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” shiori ostida barcha qishloqlarimizda umumxalq sayillari tarzida o‘tayotgani unga o‘zgacha fayz va shukuh bag‘ishlamoqda.
El-yurtimizdagi aziz insonlar bir-birlarini qutlab, dala va qirlar, bog‘ va maydonlarda Navro‘z bayramini shodu xurramlik bilan nishonlamoqdalar. Doshqozonlarda sumalaklar pishirib, dasturxonlarga bahor ne’matlarini tortib, sayil-tomoshalar qilmoqdalar. Shu yorug‘ kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytmoqda.
Aziz do‘stlar!
Sharqona yangi yilning boshlanishi, tabiat uyg‘onishining ramzi, asl milliy, eng ardoqli bayram bo‘lmish “Navro‘z”ning yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik, insoniylik, bag‘rikenglik va bunyodkorlik, xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodni milliy an’analarimizga sadoqat va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida kamol toptirishdagi o‘rni va ta’siri tobora ortib borayotgani xalqimizni kayfiyatiga yanada xushkayfiyat qo‘shmoqda desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Ma’lumki, azal-azaldan xalqimizning ezgu va go‘zal qadriyatlarini, uning oliyjanob orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etib, qadim ajdodlarimizdan bizga o‘lmas meros sifatida bezavol o‘tib kelayotgan Navro‘zi olam mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan millati, tili va dinidan qat’iy nazar, barcha vatandoshlarimiz orziqib kutadigan, tom ma’nodagi umumxalq bayramiga aylanib qoldi.
Bugun dunyoning turli burchaklarida urush va nizolar paydo bo‘layotgani butun insoniyatda tashvish va xavotir uyg‘otmoqda. Ana shu pallada tabiat olami bilan uyg‘un va mushtarak bo‘lgan, bu osuda hayotni qadriga yetib, shukronalik hissi bilan yashash kerakligini yana bir bor anglaymiz.
Zotan, Navro‘zi-olamning yana bir betakror hislati borki, u har qaysi uyda, har qaysi yurtda, butun yer yuzida tinchlik va osoyishtalik bo‘lishiga da’vat etadi.
Bugun yurtimizda, jumladan tumanimizda muhtaram yurtboshimiz rahnamoliklarida olib borilayotgan turli sohalardagi islohotlar natijasida yangidan-yangi bino va inshootlar, ta’lim maskanlari foydalanishga topshirilmoqda.
Bu esa tumanimizning chiroyini ochib, “Navro‘z” shodiyonalariga tom ma’noda o‘zgacha ruh bag‘ishlamoqda.
O‘lkamizga kirib kelgan bahor fasli eng avvalo, zahmatkash dehqonlarimizga kuch-g‘ayrat va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi. Shu bois ham yangi mavsumning boshlanishi bo‘lgan ushbu kunlarda bahorning har bir g‘animat onlarini qadriga yetib, bebaho zaminimizga mehr qo‘yib, uning har bir qarichidan oqilona foydalanishimiz lozim. Ana shundagina joriy yilda oldimizga qo‘yilgan ulkan marralarga yorug‘ yuz bilan erishamiz.
Aziz tumandoshlar!
Xalqimizda “Yaxshi inson ko‘zidan, yaxshi yil Navro‘zidan ma’lum”, degan gap bor. Bahorning serfayz, xushhavo tashrifidan ko‘rinib turibdiki, bu yil xalqimiz uchun yanada barakali, hosiyatli yil bo‘ladi.
Bugun fidoyi dehqon va fermerlarimiz katta orzu-umid bilan yangi mavsumni boshlamoqdalar. Barchamiz ularni chin dildan tabriklab, yilimiz qutlug‘ kelsin, hosilimiz mo‘l bo‘lsin, deb eng ezgu tilaklarimizni bildiramiz.
So‘zim yakunida Siz, azizlarni Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etib, barchangizga sihat-salomatlik, tilayman.
Har bir xonadonga, butun diyorimizga tinchlik-omonlik, mehr-oqibat, baxtu saodat yor bo‘lsin!
Doimo sog‘, omon bo‘lingizlar!
Yana bir bor Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!
0 izox