Hurmatli fermerlar!
So‘ngi yillarda mamlakatimizda ko‘kalamzorlashtirish, o‘simliklarni muhofaza qilish hamda yashil maydonlarni kengaytirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish - xalqimizning azaliy qadriyatlaridan biri. Zero, o‘zimiz yashab turgan joyni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tufayli ko‘nglimiz shodlikka to‘ladi, turmushimiz fayzli va farovon bo‘ladi.
Demak, xalqimizning ibratli o‘tmishi o‘zimiz yashayotgan muhitda tabiatga oqilona munosabatda bo‘lib, uni asrab avaylash, kelgusi avlodlar ham yashashi uchun qulay makon barpo etishga undaydi.
Ayni chog‘da bog‘lar, ko‘chalar hamda yo‘l chetlarida yashnab turgan daraxtlar tevarak-atrofga ko‘rk ulashishi barobarida havo musaffoligini ta’minlab, dasturxonimizni mevalar bilan to‘ldiradi.
Daraxtlarga mehr berish, ularni parvarishlash eng ezgu va xayrli amal sanaladi. Ko‘chat ekib, bog‘ yaratish, atrof-muhitni toza va ozoda saqlash xalqimizning asrlar sinovidan o‘tgan milliy qadriyatidir.
Muhtaram Prezidentimizning 2024-yil 30-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi PQ-465-sonli qarori bilan belgilab bergan topshiriqlari ana shunday ezgulik yo‘lidagi juda ham muhim tashabbusdir.
Prezidentimizning ushbu qarorlari bilan Siz, aziz fermerlarga bir qancha yengilliklar va imtiyozlar berilgan.
Jumladan;
- ichki fitosanitariya sertifikati bir yil davomida bepul beriladi;
- dala chetlariga ekilgan “in-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko‘chatlarni sotib olish xarajatlarining 50 foizi miqdorida, biroq har bir mevali payvandtagli ko‘chatga 25 ming so‘mdan oshmagan holda Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasidan belgilangan tartibda subsidiya ajratiladi;
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari dala chetini o‘zlashtirish va mahsulot yetishtirish uchun zarur bo‘lgan urug‘, ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy preparatlar, moddiy-texnik resurslar bilan ta’minlanadi;
- suv bilan ta’minlash uchun nasos va quvurlarni o‘rnatish xarajatlarining 50 foizdan ko‘p bo‘lmagan qismini qarz oluvchining bank kartalariga o‘tkazish yo‘li bilan 6 oygacha imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga yillik Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada kreditlar ajratiladi;
- quritish sexi va sovutkichli omborxonalarni xarid qilishga Fermerlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan 50 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi;
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga 36 oygacha imtiyozli davr bilan 84 oy muddatga yillik 14 foiz stavkada ajratilishi, bunda kredit summasining 60 foizi bo‘yicha garov ta’minoti sifatida o‘rnatiladigan quritish sexi va sovutkichli omborxonalar olinishi, 40 foizi bo‘yicha garov ta’minoti sifatida ularning qaytmaslik xatarini sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi olinadi.
Bundan tashqari, mazkur qarorga muvofiq fermer xo‘jaliklariga tegishli maydonlarning dala chetlariga har yili 1 aprelga qadar ekin ekmaganlik va yil davomida mahsulot yetishtirmaganlik holatlari aniqlanganda belgilangan tartibda quyidagi choralar ko‘rilishi belgilab qo‘yildi.
Jumladan;
-qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga ularning barcha qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlari uchun yer solig‘i stavkasi uch karra miqdorida hisoblanadi;
-Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan belgilangan tartibda ajratiladigan kredit resurslari hisobidan moliyalashtirish to‘xtatiladi;
- dala chetlarini ikkilamchi ijaraga olgan ijarachilarga Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravarigacha miqdorda jarima qo‘llanadi;
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek “Yashil makon” vijdonimiz, bo‘lajak hayotimiz, farzandlarimiz oldidagi mas’uliyatimizdir!
Ko‘chat ekish, bog‘ yaratish, dala chetida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish kabi tadbirlarida keng jamoatchilik qatori Siz mehnatkash fermerlarimizning ham munosib ulushlaringiz bor.
Bu borada bugun davlatimiz rahbari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda topshiriqlar berildi.
Hozirgi vaqtda 93 mingdan ziyod fermerlar faoliyat ko‘rsatayapti. Ularning reytingini hosildorlik, ishchi soni, mahsulot hajmi va shu kabi muhim ko‘rsatkichlar, mezonlar bo‘yicha baholash taklif etilayapti.
Mazkur reyting asosida ilg‘or, fermerlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi. Masalan reytingi yuqori fermerlarga kreditni qaytmaslik xavfini sug‘urtalash talabi bekor bo‘lsa, bu ham qo‘shimcha xarajatlarni kamaytiradi. Shuningdek, yer solig‘ini kamaytirish orqali yengillik berish taklif etildi.
Paxta va g‘allada me’yordan ko‘p hosil olganlarga 25 foizgacha yerida chorva ozuqasi, sabzavot, dukkakli va boshqa ekinlarni almashlab ekishga ruxsat berilishini davlatimiz rahbari alohida ta’kidladilar.
Rag‘batlantirish orqali yuqori hosildorlik va natijadorlikka erishish imkoniyatlari ishga solinadi. Shu boisdan davlatimiz rahbari tashabbuslarini to‘liq qo‘llab- quvvatlaymiz.
Shuningdek, yig‘ilishda bahorgi ekish tadbirlariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Hokimliklar zaxirasida turgan yerlarni ajratish tartibini soddalashtirish choralari belgilandi.
0 izox