HAVO HARORATI KESKIN SOVIB KETISHINING IQTISODIYOTGA SALBIY TA’SIRINI KAMAYTIRISH UCHUN TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINI QO‘LLAB-QUVVATLASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Havo haroratining keskin sovib ketishi oqibatida qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash va faoliyatini jadal qayta tiklash maqsadida:
1. Tadbirkorlik subyektlarining 2023-yil 1-yanvarga nisbatan 1-fevral holatiga oshgan (hosil bo‘lgan) soliq qarzini 2023-yil 1-martdan 1-iyulga qadar foizlarsiz, qo‘shimcha shartlar qo‘ymasdan va ta’minot talab etmasdan teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berilsin.
Soliq qo‘mitasi soliq qarzini bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish to‘g‘risidagi arizalarni 5 kungacha muddatda ko‘rib chiqsin. Bunda, havo haroratining keskin sovib ketishi davrida to‘liq quvvatda ishlay olmagan soliq to‘lovchilarning yanvar oyi yakuni bo‘yicha hosil bo‘lgan soliq qarzini bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham berilsin.
2. Tadbirkorlik subyektlarining soliq qarziga penya hisoblash 2023-yil 1-aprelga qadar to‘xtatilsin.
3. Tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarga jarimalar qo‘llanilishi, shuningdek, mazkur qaror kuchga kirguniga qadar qo‘llanilgan jarimalar undirilishi 2023-yil 1-aprelga qadar to‘xtatilsin.
4. Tadbirkorlik subyektlariga 2022-yil dekabr va 2023-yil yanvar-fevral oylarida davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlarini 2023-yil 1-martdan boshlab 1-iyulga qadar teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat berilsin.
Davlat mulkidan foydalanish yuzasidan 2022-yildan buyon amalda bo‘lgan ijara shartnomalari bo‘yicha ijara to‘lovlari miqdori 2023-yil 1-aprelga qadar o‘zgarishsiz qoldirilsin.
5. Tadbirkorlik subyektlari tomonidan bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olingan davlat aktivlari bo‘yicha 2022-yil dekabr va 2023-yil yanvar oylarida to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lovlar, shu jumladan dastlabki to‘lov to‘lanmaganligi uchun foizlar va penyalar hisoblash 2023-yil 1-aprelga qadar to‘xtatib turilsin.
6. Belgilansinki, 2022-yil dekabr va 2023-yil yanvar oylarida davlat xaridlari doirasida tuzilgan shartnomalar shartlari havo haroratining keskin sovib ketishi tufayli bajarilmaganligi uchun tadbirkorlik subyektlariga davlat buyurtmachilari (shu jumladan, ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalar) tomonidan jarima va penyalar qo‘llanilmaydi.
7. Havo haroratining keskin sovib ketishi oqibatida qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan 2023-yil 1-aprelga qadar davlat foydasiga undiruvlar bilan bog‘liq sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosi to‘xtatib turilsin.
8. Markaziy bank (M. Nurmuratov) tijorat banklari bilan birgalikda joriy qish mavsumida havo haroratining keskin sovib ketishi tufayli talafot ko‘rgan tadbirkorlik subyektlarining:
kreditlari bo‘yicha 2023-yil yanvar — mart oylari uchun to‘lovlar muddatini 2023-yil 1-iyunga qadar uzaytirish;
muddati o‘tgan kreditlariga jarima sanksiyalari va garov ta’minoti bo‘yicha 2023-yil 1-aprelga qadar undiruv choralarini qo‘llamaslik;
faoliyati uzluksizligini ta’minlashga, shu jumladan vaqtinchalik pul oqimlaridagi uzilishlarini qoplash va aylanma mablag‘larini to‘ldirishga yo‘naltirilgan qisqa muddatli (revolver) kredit mahsulotlarini oldindan ma’qullangan (modul) qarorlar asosida taklif etish;
kredit byurolarida kreditlari bo‘yicha to‘lovlar muddatining uzaytirilishini ularning kredit tarixi va skoring ko‘rsatkichlarini tekshirishda inobatga olmaslik bo‘yicha tegishli choralar ko‘rsin.
Bunda, muddati uzaytirilayotgan kreditlar sifati yomonroq tasniflanmaydi hamda ushbu kreditlar bo‘yicha qo‘shimcha ehtimoliy yo‘qotishlarga qarshi zaxiralar shakllantirish talab etilmaydi.
9. Belgilansinki, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan tadbirkorlik subyektlariga havo haroratining keskin sovib ketishi oqibatida nosoz holga kelgan asosiy vositalarni ta’mirlash uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha:
kredit summasining 50 foizigacha (50 foizi ham kiradi), lekin umumiy qiymati 2,5 mlrd so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik beriladi;
foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun kreditning butun davri, biroq kredit olingan kundan boshlab 24 oydan ortiq bo‘lmagan muddat davomida kompensatsiya taqdim etiladi.
10. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L. Kudratov) Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev), Energetika vazirligi (J. Mirzamahmudov), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (A. Voitov), manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda eng ko‘p talafot ko‘rgan tarmoqlarga joriy yilning I choragida qo‘shimcha manzilli yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rsin.
11. Iqtisodiyot va moliya vaziri Sh. Kudbiyev 2023 — 2025-yillarga mo‘ljallangan Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida yildan-yilga o‘tuvchi obyektlarda boshlangan qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun 2023-yil 1-fevraldan boshlab moliyalashtirishni boshlasin.
12. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (L. Kudratov) va Savdo-sanoat palatasi (D. Vaxobov) joriy qish mavsumida havo haroratining keskin sovib ketishi tufayli talafot ko‘rgan tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari asosida bir kun muddatda yengib bo‘lmaydigan kuchlar (fors-major) holatlarini ko‘rib chiqsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
0 izox