|
Oʼzbekiston Respublikasida intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Oʼzbekiston Respublikasida intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Oʼzbekiston Respublikasining 2022 yil 2 fevraldagi “Intellektual mulk obʼektlari toʼgʼrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish haqida”gi OʼRQ-749-sonli Qonuni bilan Oʼzbekiston Respublikasida intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.
Ushbu qonunga koʼra: Tegishli patentlangan sanoat mulki obʼektini oʼz ichiga olgan mahsulotni yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qoʼllash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yoʼsinda kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, shuningdek ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qoʼllash yoxud ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulda bevosita tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish yuridik shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʼladi. Jarimalar miqdorlari huquqbuzarliklarning har bir turi boʼyicha alohida belgilanadi.
Patent egasining arizasi asosida Аgentlik sanoat mulki obʼektlaridan foydalanish huquqiga rioya etilishini tekshirishni amalga oshiradi. Tadbirkorlik subʼektlariga nisbatan oʼtkaziladigan tekshiruvlar Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subʼektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʼyicha vakil bilan kelishuvga koʼra, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Jarimalar ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartibda oʼtkaziladigan tekshiruvlar asosida Аgentlik tomonidan solinadi. Bunda tekshiruv davomida aniqlangan huquqbuzarlik toʼgʼrisida dalolatnoma tuzilib, u tegishincha Аgentlikning va huquqbuzar yuridik shaxsning (bundan buyon matnda huquqbuzar deb yuritiladi) mansabdor shaxslari tomonidan imzolanadi.
Huquqbuzar (uning vakili) dalolatnomani imzolashni rad etgan taqdirda, Аgentlikning mansabdor shaxsi ushbu faktni koʼrsatilgan dalolatnomaga ilova qilinadigan videoyozuv yordamida yoki ikki nafar xolis hozirligida tasdiqlashi kerak.
Undirilgan jarima miqdorining oʼn foizi Аgentlikning byudjetdan tashqari jamgʼarmasiga, qolgan qismi Oʼzbekiston Respublikasining Davlat byudjetiga yoʼnaltiriladi.
Jarima solish toʼgʼrisidagi qaror Аgentlikning rahbari (uning oʼrnini bosuvchi shaxs) tomonidan imzolanadi va bir ish kuni ichida huquqbuzarga yuboriladi.
Jarima solish toʼgʼrisidagi qaror yuborilgan kundan eʼtiboran bir oy ichida huquqbuzar ushbu qarorda nazarda tutilgan jarima summasini ixtiyoriy ravishda toʼlashi mumkin.
Jarima solish toʼgʼrisidagi qarorda nazarda tutilgan jarima summasi miqdorining yetmish foizi huquqbuzar tomonidan ixtiyoriy ravishda toʼlangan taqdirda, huquqbuzar jarimaning qolgan summasini toʼlashdan ozod etiladi.
Huquqbuzar tomonidan jarima summasi ixtiyoriy ravishda toʼlanmagan taqdirda, Аgentlik jarimani undirish toʼgʼrisidagi daʼvo arizasini sudga belgilangan tartibda besh ish kuni ichida beradi.
Huquqbuzar Аgentlikning jarima solish toʼgʼrisidagi qarori ustidan shikoyat qilishga haqli».

M.E.Аbdimoʼminov
Jinoyat ishlari boʼyicha
Bandixon tuman sudning raisi

0 izox