Tergov sudyasining vakolat va vazifasi
2024 yil 10 iyun kuni “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-89-son Prezident Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan:
-jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yuritish davrida prosessual qarorlarga sanksiya berish masalasi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarida alohida sudyalar - tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilish tartibi joriy etiladi. Farmonga ko‘ra:
-jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarida tergov sudyasi lavozimi kiritiladi;
-jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan prosessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyasiya instansiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi harbiy sudi tomonidan yakka tartibda qayta ko‘rib chiqilish tartibi belgilandi;
-tergov sudyalariga ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati beriladi;
-tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuqori instansiyalarda qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tartibi saqlab qolinadi.
Shuningdek, tergov sudyasiga quyidagi jinoyat materiallarini, shu jumladan sanksiyalar va majburlov choralarini qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish vakolati beriladi:
Quyidagilar bo‘yicha sanksiyalar:
-qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq iltimosnoma;
-qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalalari bilan bog‘liq iltimosnoma;
-pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnoma;
-murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma;
-pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma;
-tintuv o‘tkazish haqidagi iltimosnoma;
-telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma;
-mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma;
Quyidagilar bo‘yicha majburlov choralari:
-ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma;
-shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma;
-ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi;
-ushlab turish muddatini 48 soatga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma;
Prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomasi.
Farmonga ko‘ra:
-tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirib, faqat qonunga bo‘ysunadi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
-tergov sudyalarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, shuningdek, sudyalar korpusini shakllantirish qonunda belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi;
-tergov sudyasining tashkiliy faoliyatiga rahbarlik tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Harbiy sud raislari tomonidan amalga oshiriladi.
Qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolar tinchligi va totuvligini ta’minlash tergov sudyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.
Tergov sudyasi lavozimi uchun shtat birliklari sudlarning mavjud shtat birliklari hamda 2025-2027 yillar uchun ajratiladigan qo‘shimcha shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.
Maqolani yozishda internet ma’lumotlaridan foydalanildi.
Surxondaryo viloyat sudi
sudya katta yordamchisi Dj.Mamataliyev
0 izox