|
Tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda

Tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar eshigi ochilmoqda

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida kompleks tarzda institutsional va tarkibiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, respublikada davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish, tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarini himoya qilish, xususiy mulkning-ustuvorligini yanada kuchaytirish, biznes tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida izchil ishlar qilinayapti.

Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi hamda natijadorligi yetakchi xalqaro moliyaviy tashkilotlar tomonidan ham ijobiy baholanmoqda. Jahon bankining “Biznesni yuritish — 2018” hisobotida O‘zbekiston tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha islohotchi davlatlar qatorida jahonda birinchi o‘ntalikka kiritilgani buning yaqqol dalilidir.

Bunga o‘z-o‘zidan erishilayotgani yo‘q, albatta. Avvalo, sohada qabul qilinayotgan Farmon va qarorlar, joriy etilayotgan yangiliklar hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2018- yil 11- apreldagi “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi -Farmoni bu borada yana bir muhim hujjat bo‘ldi.

Farmon bilan litsenziyalovchi organ mas’uliyati ham aniq belgilangan bo‘lib, agar mazkur organ arizani ko‘rib chiqish muddati davomida litsenziya berish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilmasa, litsenziya da’vogari ko‘rsatilgan muddat o‘tganidan so‘ng litsenziyalovchi organni yozma ravishda xabardor qilgan holda arizada qayd etilgan faoliyat turini amalga oshirish huquqiga ega bo‘lmoqda. Litsenziyalovchi organ litsenziya da’vogarining yozma xabarnomasi olinganidan keyin besh ish kuni ichida unga litsenziya berishi shartligi aniq belgilangan.

Yuqoridagi tartiblarning joriy qilinishi mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga yangi faoliyatlarini boshlashlarida keng imkoniyatlar yaratishi shubhasiz. Biz, senatorlar ushbu yangi tartib-taomillarning hayotga samarali, bekamu ko‘st tatbiq etilishi ustidan parlament nazoratini o‘rnatishimiz davlatimiz taraqqiyoti, iqtisodiyotimiz lokomotivi bo‘lgan tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

✍️ Bandixon tumani statistika bo’limi boshlig’i O’.Raxmatov

0 izox