Nasihat yumshoqlik va muloyimlik bilan olib boriladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hech qachon dag‘al, qo‘pol, haqorat qiluvchi zot bo‘lmaganlar. Ming afsuski, Alloh nomidan, Payg‘ambarimiz alayhicsallom nomlaridan gapirib haqorat va fahsh so‘zlarni ishlatib da’vat qilayotganlarni ham eshitib qolyapmiz, - deydi muftiy ahli ilmlarga murojaatida.
«Keyingi paytlarda dilni xira qiladigan foydasiz tortishuv va nizolar ham avj oldi. Bu kabi tortishuvlar insonni foydali ilm olishdan uzoqlashtirib, umrini behuda o‘tkazishiga sabab bo‘ladi. Eng yomoni ushbu tortishuvlar diniy mavzular atrofida bo‘layotganidir. Ijtimoiy tarmoqlarni ko‘rsangiz: diniy mavzularda tortishuvlar, diniy mavzuda munozaralar ko‘payib ketdi. Va albatta bu odamlar orasida turli tafriqalarga, tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda», – deydi muftiy.
Shuningdek, ba’zi ahli ilmlarni voqelikka qaramay, turli gaplarni aytishlari ustoz ko‘rmasdan, diniy ilmlarni yaxshi o‘zlashtirmay din nomidan gapirayotganlarning «fatvolari» juda katta fitnalarni keltirib chiqarayotgani ta’kidlandi.
«Bularning bu gap-so‘zlaridan keyin juda ko‘pchilikning ongida dinga, xususan, ahli ilmlarga nisbatan salbiy fikr paydo qilishiga sabab bo‘lmoqda. Go‘yoki mana shuni gapirayotib xato qilgan domlalar bular xuddi go‘yo din mana shular deb, tushunib qolinyapti. Barcha ahli ilmlar mana shunday deb o‘ylab qolinyapti. Natijada ular qatorida Allohning diniga xolis xizmat qilayotgan taqvoli, parhezkor, olim ustozlar ham o‘shalar qatorida ko‘rinib qolmoqda. Bu juda katta musibat.
...Qur’oni karimning «Nahl» surasi 125-oyatida Alloh shunday marhamat qiladi:
«Robbingning yo‘liga hikmat va yaxshi mav’iza ila da’vat qil. Va ular ila go‘zal uslubda mujodala et. Albatta, Robbing O‘z yo‘lidan adashganlarni o‘ta bilguvchi va hidoyat topguvchilarni ham o‘ta bilguvchidir».
Ushbu oyati karima Alloh haq azza va jallaning bizga da’vat qilish uslubini o‘rgatgan ta’limi. Ushbu oyatda Alloh Rasulimiz sollallohu alayhi va sallamni insonlarni da’vat qilishda mazkur uch sifatga amal qilishga buyurmoqda. Uchta sifat: Allohning yo‘liga chaqirishda hikmat, mav’izai hasana va ular bilan chiroyli (mujodala) muomala qilishga chaqirilmoqda. Oyatdagi «ba» harfi arab tili qoidalarida «mulobasa» deyiladi, ya’ni «hamroh bo‘lish» (ma’nosida). Agar biz oyatni shu qoidaga muvofiq tarjima qiladigan bo‘lsak, mana shunga ko‘ra, Alloh yo‘liga chaqiruvchi kishiga ikki sifat: hikmat va go‘zal mav’iza hamroh bo‘lmog‘i lozim degan ma’no chiqadi. Shunda mazkur sifatli insonning so‘zi o‘tkir, ta’siri doirasi kuchli bo‘ladi. Qachonki hikmat va mav’izai hasana bo‘lganda. Ushbu oyatga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga va’z qilish uslubini o‘rgatmoqda. Va’z-nasihat qilayotgan kishi, avvalo vaziyatni to‘g‘ri baholashi va unga muloyimlik va hikmat bilan yondashmog‘i kerak. Shunda maqsadga muvofiq ish qilingan bo‘ladi.
...Nasihat yumshoqlik va muloyimlik bilan olib boriladi, azizlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hech qachon dag‘al, qo‘pol, haqorat qiluvchi zot bo‘lmaganlar. Ming afsuski, Alloh nomidan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam nomlaridan gapirib haqorat va fahsh so‘zlarni ishlatib da’vat qilayotganlarni ham eshitib qolyapmiz. Alloh O‘zi kechirsin. Dinimiz shunday go‘zal, shunday madaniyat ustiga qurilganki, aslo og‘zimizdan birorta fahsh so‘z chiqmasligi kerak. Yana Qur’oni karimga murojaat qilamiz. Oli Imron surasining 159-oyatida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam haqlarida Alloh shunday deydi:
«Allohning rahmati ila ularga muloyim bo‘lding. Agar qo‘pol, qalbi qattiq bo‘lganingda, atrofingdan tarqab ketar edilar. Bas, ularni afv et. Ularga istig‘for ayt va ular bilan ishlarda mashvarat qil. Azm-u qaror qilganingdan so‘ng Allohga tavakkal qil. Albatta, Alloh tavakkal qiluvchilarni sevadir».
Oyati karimada Alloh taolo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga marhamat qilib eslatmoqda, agar Allohning rahmati bilan muloyim bo‘lmaganingizda, qalbingiz qattiq, qo‘pol va dag‘al bo‘lganingizda bu odamlar atrofingizda jamlanmas edi degan ma’noda aytmoqda. Sahobalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning atroflariga jamlanishidagi eng katta sabab u zotning o‘ta muloyim bo‘lganlari, dag‘al va qo‘pol bo‘lmaganlari va kechirimli bo‘lganlari uchundir.
...Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Darhaqiqat, bu din yengildir. Biror kishi dinni qiyinlashtirsa, uni mag‘lub qiladi. Shunday ekan, to‘g‘ri bo‘ling, yaqinlashing, bashorat bering, yengillashtiring va ertalab, zavoldan keyin hamda tunning bir qismida (ibodat) bilan yordam so‘ranglar», dedilar» (Imom Nasoiy rivoyat qilgan).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ushbu hadisda dinimiz yengil ekani va uni qiyinlashtirmaslikka buyurmoqdalar. Dinimiz juda yengil, azizlar. U odamlarning baxt-u saodati uchun yuborilgan. Ammo ba’zi bir kishilar dinni murakkablashtiradi. Din deganda insonlarni juda qiyin bo‘lgan topshiriqlar ichiga qo‘yib qo‘yishlari, insonning toqatidan ortiqcha bo‘lgan takliflarni berishi yoki qandaydir ko‘rinishlarni, qandaydir kiyinishlarni, ma’lum bir andozalarnigina qo‘yib, bundan boshqasi din emas, deb qiyinlashtirish mana bu Rasulimiz sollallohu alayhi va sallamning ko‘rsatmalariga ziddir. Agar shunday bo‘lsa, din uni mag‘lub qilib qo‘yadi. Bu gap kaminaning gapi emas, bu gap Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning gaplari. U zot shunday dedilar. Albatta, yengillashtirish deganda dindagi ba’zi bir narsalarni olib tashlash emas, balki dinimizda bir nechta ko‘rsatma bo‘lsa, shuning ichidan yengilrog‘ini odamlarga aytish, odamlarning xayoliga kelmagan narsalarni, voqelikda yo‘q narsalarni ko‘tarib, ularni mashaqqatga qo‘ymasligimiz kerakligi tushuniladi», – deyiladi murojaatda.
Shuningdek, muftiy o‘z murojaatida zamonamiz ulamosi shayx Yusuf Qarzoviyning «Zamonamizdagi fatvolarni o‘zgartirish sabablari» kitobidan quyidagilarni keltiradi:
«Ko‘p shayxlar yoki ulamolar kitobda yashaydilar. Voqelikda yashamaydilar. Ular o‘tganlarning kitoblarini o‘qiganlaridek «Hayot kitob»ini o‘qimaganlari uchun voqelik fiqhidan g‘oyibdirlar yoki voqelik fiqhi ulardan g‘oyibdir. Shuning uchun ularning fatvolari xuddi qabrdan chiqqandek keladi!».
0 izox