|
O‘zbekiston BMT Tamaddunlar ittifoqi bilan qo‘shma tashabbuslarni birga amalga oshiradi

O‘zbekiston BMT Tamaddunlar ittifoqi bilan qo‘shma tashabbuslarni birga amalga oshiradi

O‘zbekiston TIV rahbari BMT Tamaddunlar ittifoqi bo‘yicha yuqori vakili bilan uchrashdi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Nyu-York shahrida Birlashgan millatlar tashkiloti bosh kotibining Tamaddunlar ittifoqi bo‘yicha yuqori vakili Migel Anxel Moratinos bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tamaddunlar ittifoqi 2005 yili turli madaniyatlar va dinlar, mamlakatlar va xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlash, jamiyat qutblanishiga qarshi kurashishda yordam berish maqsadida tashkil etilgan.

O‘zbekistonning Tamaddunlar ittifoqi bilan hamkorligini chuqurlashtirish, madaniyatlararo muloqotga ko‘maklashuvchi tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish, Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqin aloqalar o‘rnatish istiqbollari muhokama qilindi.

Vladimir Norov ta’kidlashicha, O‘zbekiston Tamaddunlar ittifoqining ustuvor yo‘nalishlari va faoliyatiga muhim e’tibor qaratib, "Do‘stlar guruhi" ishida faol ishtirok etmoqda, madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashga, hamjamiyatlar o‘rtasida do‘stlik ko‘priklarini qurishga hissa qo‘shmoqda.

Tamaddunlar ittifoqi rahbari yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni olqishlab, Shavkat Mirziyoyevning bag‘rikenglik va insonparvarlikni rivojlantirish, millatlararo va dinlararo anglashuvni mustahkamlash borasidagi siyosatini to‘la qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga kelishib oldi.

0 izox