Odam savdosi, xususan chaqaloq savdosi jinoyatining oldini olish bo'yicha bugungi kunda mamlakatimizda qanday chora- tadbirlar amalga oshirilmoqda?

Odam savdosi, xususan chaqaloq savdosi jinoyatining oldini olish choralari
Bugungi kunga kelib asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, ko‘p va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Hozirga qadar jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, ular doirasida ushbu xavfga qarshi dunyo miqyosida tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
"Odam savdosiga va uchinchi shaxslar tomonidan tanfurushlikdan foydalanishga qarshi kurash to‘g‘risida"gi Konvensiya (1949), "Qullik va qul savdosini, qullikka o‘xshash institutlar va odatlarni bekor qilish to‘g‘risida"gi qo‘shimcha Konvensiya (1956), "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash haqida"gi Konvensiyani to‘ldiruvchi "Odamlar, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini to‘xtatish, oldini olish va uning uchun jazo to‘g‘risida"gi bayonnoma (2000) bu borada dasturiy hujjat vazifasini o‘tamoqda.
Odam savdosiga qarshi kurashish yuzasidan davlatlararo hamkorlikni kuchaytirish maqsadida 2005 yili MDH doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kuchaytirish to‘g‘risida"gi kelishuv, 2006 yilda sakkiz a’zo mamlakat doirasida "Odam savdosiga qarshi kurashning 2007–2010 yillarga mo‘ljallangan dasturi" qabul qilingan edi.
Afsuski, dunyo bo‘ylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targ‘ibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar "zamonaviy qullik", ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki bo‘layotgan asosiy omillardan biri odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli ma’lumotga ega emasligidir. Achinarlisi, o‘zga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar mo‘may daromad ilinjida og‘ir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 million 700 ming kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSH dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayol va bolalardir. Har yili dunyo bo‘yicha 600–800 ming nafar ayol va bolalar aldov yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.
Odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka o‘xshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson a’zolari yoki to‘qimalarini ajratib olishni anglatadi.
O‘tgan asrdan yigirma birinchi asrga transmilliy tashkiliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turi "meros" bo‘lib o‘tdi. Ularning birinchisi – xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zo‘ravonlik ruhi, kuch ishlatish, ya’ni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar, ikkinchisi – narkobiznes yoki narko-traffik bilan shug‘ullanayotgan jinoiy uyushmalar, uchinchisi – odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi yirik-yirik jinoyatchi tashkilotlarning yildan-yilga kuchayayotganidir.
2020 yil 17 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangi tahrirdagi «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi» qonun imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan 2008 yil 29 avgustda «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonuni ma’qullanib, amaldagi Jinoyat kodeksi 135-moddasining yangi tahriri qabul qilindi va ushbu modda mazmun va mohiyat jihatdan tubdan takomillashtirildi. Ushbu moddaning avvalgi nomi «Odamlardan foylanish uchun ularni yollash» degan tahrirda belgilangan edi. Jinoyat kodeksi 135-moddasining avvalgi tahririda faqatgina odamlardan foydalanish uchun ularni yollash uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, xalqaro huquqiy hujjatlarda belgilangan odam savdosi bilan bog‘liq jinoiy qilmishlarning barchasini kompleks tarzda qamrab olmas edi. Shu sababli, u shaxsning huquq va erkinliklarini, sha’ni va qadr-qimmatini to‘liq muhofaza qilishga imkon bermas edi.
2019 yil mobaynida chaqaloqlar savdosida vositachilarning 32 foizi tibbiyot xodimlari ekanligi aniqlangan. Shuningdek, chaqaloq sotish sabablari o‘rganilganda, 9 tasi aybini yashirish, 10 tasi moddiy manfaat uchun ekanligi ma’lum bo‘lgan.
2019 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 2018 yilga nisbatan 22 foizga kamaygan, biroq chaqaloqlar savdosi 38 foizdan 43 foizga oshgan. Senat raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva mazkur jinoyatlarga oid boshqa ma’lumotlarni ham oshkor qilgan.
Qayd etilishicha, 2019 yilda Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida 5 tadan, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va Toshkent shahrida 4 tadan, Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Andijon, Navoiy viloyatlarida 3 tadan chaqaloq savdosiga oid jinoyat sodir etilgan.
Mazkur yo‘nalishdagi jinoyatlar 72 kishi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, ularning 62 nafari (86 foizi) - ayollar tomonidan sodir etilgan.
Bu jinoyat boshqa jinoyatlar bilan birgalikda sodir etilganda, jinoyatlar jami tariqasida kvalifikasiya qilinadi.
Mazkur qilmishlarning ijtimoiy xavflilik darajasi yuqori ekanligi, jamiyat a’zolarining sog‘lig‘i, hayoti va boshqa huquqlariga tajovuz qilinishi, ayniqsa yoshlarning axloqiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi e’tiborga olinib, jazo choralari ham kuchaytirildi.
Odam savdosiga qarshi kurashishda aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida ushbu illatning xavfi va oqibatlari haqida tushuntirish olib borish, fuqarolarni bu borada vaziyatdan ogoh etish hamda xabardorligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda ushbu mavzuga bag‘ishlangan davra suhbatlari, konferensiya, ilmiy amaliy anjumanlar o‘tkazilib kelinmoqda, aholining bu borada huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida foydalanish uchun qulay bo‘lgan o‘quv uslubiy qo‘llanmalar nashr etilib tarqatilmoqda.
Odam savdosini oldini olish uchun keng jamoatchilik bilan hamkorlikda targ‘ibot va tashviqot ishlarini yanada jadallashtirish, mahalalarda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy- ma’rifat va ma’naviy-ahloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek xotin-qizlarning ijtimoiy muhofazasi, ularning huquqlari himoyasini ta’minlash ishlarini kuchaytirish zarur.
Qayd etish lozimki Respublikamizda fuqarolarning xorijda mehnat qilishini tashkil etishga doir huquqiy asoslar yaratilgan bo‘lib, ulardagi asosiy talablardan biri - bu xorijga yuborilishi ko‘zda tutilayotgan fuqarolarning muayyan davlat hududida ijtimoiy himoyasining ta’minlanishi, barcha ijtimoiy kafolatlar va tibbiy sug‘urtaning mavjudligidir.
Odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitasiya qilish bugungi kunda dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, odam savdosidan jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish hamda ularni himoya qilish, shuningdek ularning odam savdosiga qayta jalb etilishi xavfining oldini olish maqsadida identifikasiya qilinadi.
Shuningdek, qonunda odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitasiya qilish va moslashuvini ta’minlash tartibi belgilanib, ular, jumladan, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirish davrida moddiy yordam ko‘rsatishni;
vaqtinchalik uy-joy, oziq-ovqat, sanitari-gigiyena vositalari bilan, zarur hollarda esa kiyim-bosh, poyabzal va boshqa zarur ashyolar bilan ta’minlashni;
ishga joylashishda, ta’lim olishda, kasbiy jihatdan yo‘naltirishda va kasbga tayyorlash hamda qayta tayyorlashda yordam ko‘rsatishni;
ijtimoiy jihatdan qayta integrasiyaga, shu jumladan qarindoshlarni izlashida yordam ko‘rsatishni. Shu bilan birga, odam savdosidan jabrlanganlar to‘g‘risidagi hamda ularga nisbatan sodir etilgan holatlar haqidagi axborot, shuningdek ko‘rilgan xavfsizlik choralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor etilmasligi belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan barcha islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad - inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarini oliy qadriyat sifatida e’zozlashdir.
Shunday ekan, transmilliy xususiyat kasb etgan, ya’ni hudud va chegara tanlamas jirkanch illat - odam savdosiga qarshi keskin kurash olib borish barchamizning muhim vazifamizdir.

M.Abdimo‘minov
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bandixon tuman sudining raisi